Samarqand tumanida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi foydalanishga topshirildi

Aholini ijtimoiy himoya qilish va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida yagona davlat siyosatini muvofiqlashtirib borish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etilib, bu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini yanada oshirish uchun tuman (shahar)larda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.
Samarqand tumanida ham ana shunday “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi foydalanishga topshirildi. Markazning ochilish marosimida tuman hokimi, Ijtimoiy himoya milliy agentligining viloyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, tuman sektorlar rahbarlari, nuroniylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan tuman hokimi Sirojiddin Usmanov, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan so‘nggi yillarda aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, fuqarolarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish ko‘lami va turlarini kengaytirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilayotganini e’tirof etib, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilishi inson manfaatlari ustuvorligiga qaratilayotgan yuksak e’tiborning yorqin namunasi ekanini ta’kidladi.
Qayt etish kerakki mazkur markaz tomonidan aholiga 49 turdagi xizmatlar ko‘rsatiladi. E’tiborlisi 26 turdagi xizmatlar markazning o‘zida ko‘rsatilsa, 23 turdagi xizmatlar ijtimoiy xodimlar tomonidan joylarga chiqgan xolda amalga oshiriladi.
-  Bugungi kunda tumanimizda 95 nafar yakka-yolg‘iz keksa va nogironligi bo‘lgan shaxslar yashab kelmoqda, - deydi Samarqand tuman "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazi direktori Ulug‘bek Mamadiyorov. - Ularga markaz tomonidan biriktirilgan 10 nafar ijtimoiy xodim assistentlari reja jadval asosida xizmatlar ko‘rsatib kelmoqda. Shu kunlarda 9 nafar fuqaroga 19 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari va gigiyena tovarlari o‘rniga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida moddiy yordam, 86 nafariga kommunal to‘lovlar uchun kompensatsiya to‘lovlari to‘lanib kelinmoqda. Shundan 2 nafar yolg‘iz yashovchi keksalarning qarindoshlari bilan munosabatlari tiklandi. Bunddan tashqari 29 nafar fuqaroga sog‘liqlarini tiklashlari uchun sihatgohlarga yo‘llanmalar berildi.
Tadbirda ishtirokchilar ijtimoiy xizmatlar markazining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari bilan tanishdi.

2015-2024 © Самарқанд туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM