Ohalik, Oqbo‘yro, Mironqul turistik maskan bo‘ladi

Qaror va ijro
Davlatimiz rahbarining shu yilning 6 fevraldagi qaroriga ko‘ra, Samarqand tumanida umumiy maydoni 4656 gektar bo‘lgan “Ohalik – Oqbo‘yro – Mironqul” turistik-rekreasion zonasi tashkil etildi. Turistik zonani rivojlantirish va boshqarish maqsadida tuman hokimligi huzurida davlat muassasasi shaklida “Ohalik - Oqbo‘yro – Mironqul” turistik-rekreasion zonasi direksiyasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

– Mazkur turistik zonani tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad –viloyatimizning turizm salohiyatidan samarali foydalangan holda turizmning eko hamda ekstremal turlarini rivojlantirish uchun zarur shart-sharoit yaratish, zamonaviy talablar asosida ekologik tez quriladigan joylashtirish vositalari, savdo-ko‘ngilochar va boshqa turizm infratuzilmasi ob’yektlarini barpo etish, shuningdek, tog‘li hududda yangi ish o‘rinlari ochish hisoblanadi, – deydi Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov. – Bu maqsad uchun aynan ushbu mahallalar tanlanishi bejiz emas. Chunki tog‘li hududda joylashgan bu hududlar go‘zal tabiati, musaffo havosi bilan boshqa joylardan ajralib turadi. Yozda salqin bo‘lgani bois avvaldan bu yerda bir nechta bolalar oromgohlari qurilgan. Qishloqlardan oqib o‘tadigan soy bo‘yida, aholi tomonidan dam olish maskanlari tashkil etilgan. Keyingi yillarda tadbirkorlik sub’yektlari ham bir qator shunday inshootlar tashkil etdi. Ammo shu paytgacha hududda aniq bir yo‘nalish bo‘yicha sayyohlikni rivojlantirish uchun dastur yoki yo‘l xaritasi yo‘q edi. Endi esa bunday imkoniyat yaratildi.
Qarorga ko‘ra, hududda umumiy maydoni 1697 gektar bo‘lgan “Ohalik”, 414 gektardan iborat “Oqbo‘yro” hamda 2545 gektarda “Mironqul” tog‘ turizmi loyihalari amalga oshiriladi. 2024-2025 yillarda tashkil etiladigan turizm va xizmat ko‘rsatish sohasi ob’yektlarini qurish uchun mahalliy va xorijiy investorlar jalb etiladi. Zona hududida zamonaviy savdo, xizmat ko‘rsatish ob’yektlari (restoranlar, ko‘ngilochar markazlar va boshqalar) faoliyati tashkil qilinadi, madaniyat va san’at muassasalari faoliyati qo‘llab-quvvatlanadi. 

2025-2026-yillarda turistik-rekreasion zona va unga olib boruvchi yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish uchun respublika byudjetidan 31 milliard 81 million so‘m, mahalliy byudjetdan esa 8 milliard 900 million so‘m sarflanishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, yo‘l infratuzilmasini qayta qurish, joriy va mukammal ta’mirlashga viloyat mahalliy byudjetidan 14 milliard 700 million mln so‘m yo‘naltiriladi. Bundan tashqari, respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan elektr energiyasi tarmoqlarini qurish va ta’mirlash, ichimlik suvi va oqova tarmoqlarini qurish, qayta qurish va modernizatsiya qilish hamda aholini uzluksiz sifatli ichimlik suv bilan ta’minlash ishlari bajariladi. “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi esa axborot kommunikatsiya-texnologiyalarini rivojlantirishga 97,4 million so‘m sarflashi belgilangan. 
Qarorda bir oy muddatda “Ohalik – Oqbo‘yro – Mironqul” turistik rekrasion zonasi faoliyatini tashkil etish, joriy yilning 1 avgustiga qadar zonaning master rejasini ishlab chiqish va talab etiladigan yer maydonlari toifasini o‘zgartirish bo‘yicha takliflarni hukumat komissiyasiga kiritish, zona hududida ichki ishlar boshqarmasining xavfsiz turizmni ta’minlash bo‘limini tashkil etish va boshqa vazifalar bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan. Ayni paytda bu borada ishlar olib borilmoqda.

– Qarorda belgilangan vazifalar, chora-tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirish masalasi o‘tgan hafta viloyat hokimi rahbarligida muhokama qilindi, – deydi “Ohalik – Oqbo‘yro – Mironqul” turistik-rekreasion zonasi direksiyasi rahbari vazifasini bajaruvchi Jo‘rabek Suyunov. –Viloyat va tuman bilan bog‘liq masalalarga mas’ullar belgilandi. Aslida, chora-tadbirlar dasturida barcha vazifalar aniq muddati va mas’uli bilan ko‘rsatilgan, gap ularning ijrosini ta’minlashda. Yig‘ilishda Samarqand tumani hokimligi tomonidan ayrim loyihalar takliflari taqdimot qilindi. Umuman, hozir jami 73 million dollarlik birlamchi 130 ta loyiha mavjud. Bundan tashqari, hududda shu paytgacha amalga oshirilayotgan loyihalar bor, ularni renovatsiya qilish ko‘zda tutilgan.
Misol uchun, uzunligi 6 kilometr bo‘lgan 3 ta to‘xtash stansiyasidan iborat osma dor (kanat) yo‘li tashkil etish loyihasi taklif etilmoqda. 110 ming sayohni qabul qilish imkoniyatiga ega modulli mehmonxonalar, kempinglar, ekouylar, dam olish maskanlari, eko bog‘ va cho‘milish havzalari tashkil etishga oid 40 ta loyiha ishlab chiqilgan. 

Ayni paytda mahallalarda xatlov jarayonlari ketmoqda. Hududda 15 mingga yaqin aholi yashaydi, 6000 turar joy bor. Bundan tashqari, servis va xizmat ko‘rsatish ob’yektlari mavjud. Har bir xonadon, har bir qurilma xatlovdan o‘tkazilib, ma’lumotlar jamlanmoqda. 1 mayga qadar Ohalik, Oqbo‘yro va Mironqulda jami 4656 yer maydoni belgilangan tartibda direksiya hisobiga o‘tkazilishi kerak.

Shuningdek, infratuzilma o‘rganilyapti, qayerda qaysi vazifani bajarish kerakligi belgilab olinmoqda. Oy yakunida zona master rejasini ishlab chiqish uchun ishchi guruh keladi, ungacha asosiy ma’lumotlar to‘planishi zarur.

Gʻ.Hasanov

2015-2024 © Самарқанд туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM